O'ZBEKISTON DAVLAT JISMONIY TARBIYA INSTITUTI

Bosh menyu
Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi
Axborot ta'lim portali


Elektron akademiya


Usport.uz
Utube.uz


Fikr.uz


Tanlov.uz


Kamolot
Pedagogik amaliyot
Elektron kutubxona
KARMAT
Interaktiv xizmatlar
Fan-sport
ModeHEd
Ob-havo
Kalendar
«    Noyabr 2017    »
DuSeChPaJuShYa
 12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
27282930 
O'zDJTI » Ma'lumotlar » Kamolot dasturi

Kamolot dasturi


Sana: 16-12-2013, 20:54       Ko'rishlar soni: 2861

O‘zbekiston "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining
D A S T U R I

 

"Vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning dunyo 
hamjamiyatidagi obro‘si va o‘rni, eng avvalo, farzandlarimiz qanday kamol
topishiga, ularning qanday shaxs sifatida shakllanishiga bog‘liqdir.
Biz hech qachon ana shu asl haqiqatni unutmasligimiz lozim”.

 

Islom Karimov


Biz, O‘zbekiston Respublikasining yoshlari:
konstitutsiyaviy huquqlarimizdan va qonunlarda belgilab qo‘yilgan yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va rivojlanishi kafolatlaridan foydalanib;
o‘zimizni xalqimizning boy tarixiy merosining vorisi, mamlakatni modernizatsiya qilish yo‘lida ulkan ahamiyat kasb etadigan zamonaviy demokratik jamiyatni qurish yo‘lidagi ishlarga daxldor ekanligimizni chuqur his etib;
yosh avlod zimmasiga Vatanimizning mustaqilligini mustahkamlash, erkin va taraqqiy etgan mamlakat – kelajagi buyuk davlat qurishdek ezgu maqsadni ro‘yobga chiqarishda ulkan mas’uliyat yuklanganligini anglagan holda;
O‘zbekiston jamiyat va davlat taraqqiyotining oliy maqsadi – zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash ishiga hissamizni qo‘shishda o‘zimizning muqaddas fuqarolik va farzandlik burchimizni chuqur his etib,

O‘zbekiston "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati atrofida birlashdik.

Bizning asosiy maqsadimiz – jamiyat hayotida munosib o‘rin egallash, mamlakatni isloh qilish va yangilash jarayonlarida belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lida hal qiluvchi kuch va tayanchga aylanishga qodir barkamol avlodni, mustaqil fikrlovchi, shaxsiy hayotiy pozitsiyasiga va o‘z nuqtai nazariga ega yoshlarni shakllantirish; yosh avlodning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga ko‘maklashish; yigit va qizlarning kasbiy mahoratini yuksaltirish va ularning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish uchun shart-sharoit yaratishdir.

Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun Harakat quyidagi ustuvor dasturiy vazifalarni o‘z oldiga qo‘yadi:

I. Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida faol ishtirokini ta’minlash sohasida
Harakatning yaqin istiqboldagi ustuvor vazifalari quyidagilardan iborat:
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, islohotlarning mazmun-mohiyatini yoshlar ongiga chuqur singdirish, yosh avlodning mamlakatni yanada demokratlashtirish va yangilash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlaridagi keng ishtirokini ta’minlash.
Ushbu belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun, eng avvalo, yoshlarning siyosiy va huquqiy madaniyatini, huquqiy savodxonligi va huquqiy ongini, ularning fuqarolik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish zarur. Yoshlarning huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirish, qonunga itoatkor fuqarolarni tarbiyalash, yosh avlodda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga hurmat hissini mustahkamlash, yoshlar tomonidan o‘z fuqarolik huquq va burchlarini anglashlari – bu pirovard maqsad bo‘libgina qolmay, balki tom ma’nodagi demokratik huquqiy davlat hamda rivojlangan bozor iqtisodiyotiga ega fuqarolik jamiyatini barpo etishning vositasi, zaruriy sharti hamdir.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi bilan bog‘liq qonun loyihalari va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarni tayyorlash tashabbusini ko‘rsatish va ularning muhokamasida qatnashish, bu sohadagi qonunchilik bazasi hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan aniq takliflarni ishlab chiqish va taqdim etishda faol ishtirok etish.
Yoshlarni bolalar va yoshlarning huquq va burchlarini belgilab beruvchi qonun hujjatlarining qoidalari bilan batafsil tanishtirish maqsadida "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollaridan iborat targ‘ibot guruhlari faoliyatini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Harakat faoliyatida bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, video va audio mahsulotlar, bosma nashrlarni tayyorlash, ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishga ustuvor ahamiyat beriladi.
yoshlarda yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish, ularni davlat va jamiyat qurilishida faol ishtirok etishga tayyorlash;
Ushbu masalalarni hal etish maqsadida yoshlarni boshlang‘ich tashkilotlar va Harakatning hududiy bo‘limlari faoliyatiga faol jalb qilish ko‘zda tutilgan. "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati (YoIH) faollarining davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, taniqli olimlar, ijodkorlar va ziyolilar, ilg‘or tadbirkorlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va sanoat korxonalarining rahbarlari bilan uchrashuvlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga professional va kasbiy faoliyatda o‘sishlariga ko‘maklashish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash muhim vazifa etib belgilandi.
Harakat va boshqa yoshlar tashkilotlarining markaz va joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy hamkorligini har tomonlama mustahkamlash.
Bunda asosiy e’tibor yoshlarga oid davlat siyosati hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy muammolarni hal etish, yoshlarning huquq, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish jarayonida faol qatnashish, shuningdek, "Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini hayotga tatbiq etishga qaratiladi.

 

II. Ma’naviy-ma’rifiy sohada
Harakatning bugungi kundagi asosiy vazifasi yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yosh avlodda hayotga teran nigoh bilan qarash, milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan zararli g‘oya va oqimlarga qarshi kurashish qobiliyatini yanada rivojlantirishdan iborat.
Mazkur sohadagi muhim vazifalar quyidagilardan iborat:
yosh avlodni istiqlol g‘oyalariga cheksiz sadoqat, ona Vatanga muhabbat, mamlakatimiz milliy manfaatlarini fidokorona va mardonavor himoya qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan tashkiliy, targ‘ibot-tashviqot, ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish;
Mazkur masalada Harakat ma’naviy-ma’rifiy ishlarning mohiyat va shakl nuqtai nazardan bir-biri bilan uyg‘unlashuvi va tizimliligiga, ularning aniq natijalarga yo‘naltirilganligini ta’minlashga intiladi. Bunda madaniy-ma’rifiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqishgina emas, balki ularni har bir hududning o‘ziga xosligi, yoshlarning turli qatlamlarining ehtiyojlari va manfaatlarini e’tiborga olgan holda samarali amalga oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu dasturlarda yoshlarda katta qiziqish uyg‘ota oladigan suhbatlar, munozaralar, seminarlar va anjumanlar, ijodiy jamoalarning chiqishlari va boshqa ommaviy madaniy hamda sport tadbirlarini tashkil etish nazarda tutilgan. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlaridan keng foydalanish ham muhimdir.
ta’lim va tarbiya muassasalari, korxona va tashkilotlardagi yoshlar jamoalarida yoshlarning kayfiyati va intilishlari, shuningdek, ularning ongi va dunyoqarashining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi ma’naviy-ahloqiy muhitni muntazam o‘rganib borish;
Umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda yoshlarning boshqa toifalari o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, shu bilan birga, yoshlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan bahs-munozaralar tashkil etish lozim. Olingan natijalar asosida Harakat yoshlarning dolzarb muammolarini hal etish yuzasidan tegishli vazirlik, muassasa va tashkilotlarga takliflar kiritadi.
yoshlarga ruhiy madad beruvchi buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;
Harakat tomonidan istiqlol yillarida qayta tiklangan muqaddas qadamjolarga yoshlarning ziyoratini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu o‘z navbatida, kekcha va yosh avlodni bir-birlari bilan yaqinlashishiga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur jarayonda ziyoratgohlarni obodonlashtirish masalasiga alohida ahamiyat qaratiladi.
yoshlarning turli toifalari, shu jumladan, bolalarning qiziqishlari va o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
Shu maqsadda "Kamolot” YoIH qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan "Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan umumta’lim maktablari va maktabdan tashqari muassasalarning malakali pedagoglari bilan birgalikda bolalarning intellektual rivojlanish darajasi hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda o‘tkazilayotgan tadbirlarning samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Bolalar va o‘smirlar uchun badiiy asarlar yaratish, ko‘rik-tanlovlarni tashkil etish, zamonamiz qahramolari obrazi ko‘rsatib berilgan asarlarning mualliflarini rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bolalar oromgohlari va sihatgohlari faoliyatini samarali tashkil etish ham alohida e’tibordagi masaladir.
yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasi, siyosiy jarayonlarga ongli munosabatni, ma’naviy-axloqiy sohadagi turli tashqi va ichki tahdidlarga qarshi mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantirish;
Ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida respublikaning barcha hududlarida ilm-fan, madaniyat, san’at namoyandalari va taniqli sportchilarni jalb qilgan holda "Biz buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostida yoshlar festivallarini o‘tkazish, bunday tadbirlarga ko‘p sonli yoshlar, ayniqsa, qishloq hududlarida istiqomat qilayotgan yoshlarni jalb etish rejalashtirilgan. Harakatning ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan talabalar turar joylarini otaliqqa olish, bu erlarda olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarni yoshlar bilan ishlashning zamonaviy usullari asosida takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
yoshlarda milliy ma’naviyatimiz va madaniyatimizga asoslangan holda chetdan "ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan mafkuraviy xurujlar, yoshlar ongini zaharlashga qaratilgan harakatlarga qarshi kurashishda mustahkam fuqarolik va ahloqiy tamoyillarni shakllantirish;
"Kamolot” YoIH bundan buyon ham hayotimizda uchrab turadigan rasmiyatchilik, byurokratiya, kampaniyabozlik kabi salbiy holatlar hamda kashandachilik, ichkilikbozlik, giyohvandlik kabi illatlarga qarshi murosasiz kurash olib borishda davom etadi. Yoshlar o‘rtasida ekstremizmning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasizlik muhitini yaratish barchamizning burchimizga aylanishi lozim.
oila institutini har tomonlama mustahkamlash, yosh oilalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
Bu boradagi ishlarning eng muhim yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
yosh oilalarni turarjoy bilan ta’minlashda zarur yordam ko‘rsatish, imtiyoz va preferensiyalar berishga qaratilgan davlat dasturlarini ishlab chiqish tashabbusini ko‘rsatish va ularni amalga oshirishda faol ishtirok etish;
"Kamolot” YoIH qoshida tashkil etilgan yosh oilalarga konsultativ xizmatlarini ko‘rsatuvchi "Yosh oila” markazlari faoliyatini takomillashtirish, bu ishga malakali psixologlar, huquqshunoslar va boshqa soha mutaxassislarini jalb etish;
yoshlar o‘rtasida erta nikohning salbiy oqibatlarini tushuntirish, to‘ylarning ortiqcha sarf-xarajat va dabdababozliksiz o‘tkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini olib borish.
voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning profilaktikasi bo‘yicha olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlarda faol ishtirok etish;
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, huquqbuzarlik sodir etgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy reabilitatsiyasiga ko‘maklashish borasida Harakatning boshqa jamoat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishga borasida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, respublikaning tegishli idoralari bilan hamkorlikda ekologik mavzularda turli tadbirlar, seminarlar va uchrashuvlarni tashkil etish.
"Kamolot” YoIH O‘zbekiston Ekologik harakatining "Sog‘lom muhit — sog‘lom inson” shiorini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Kelgusi istiqbolda Harakat o‘z sa’y-harakatlarini yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirish, ularni tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashga qaratadi.

 

III. Yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni ta’minlash sohasida
Bizning bugungi kundagi eng muhim vazifamiz respublikamizning boshqa jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iborat. Mazkur dasturlarda yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashlariga ko‘maklashish, yoshlarni tadbirkorlik sohasiga jalb qilish, ish bilan ta’minlash, eng avvalo, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari va muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelgan yigitlarning bandligini ta’minlash masalalari nazarda tutilishi lozim.
Mazkur vazifani amalga oshirishga qaratilgan faoliyatning eng muhim yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
yoshlarni kasbga yo‘naltirish masalalarini samarali hal qilish;
Harakat tomonidan yoshlarga kasb tanlashda, bozor iqtisodiyoti tamoyillarini tushuntirish va turli sohalarda yuqori malakali mutaxassis bo‘lib etishishiga ko‘maklashish maqsadida turli to‘garaklar, klublar va ustaxonalar tashkil etishda faol ishtirok etish rejalashtirilgan;
yoshlar tomonidan zamonaviy kasblarni egallash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish maqsadida tashkil etilgan "Bunyodkor” yoshlar mehnat harakatining ko‘lami kengaytiriladi hamda samaradorligi oshiriladi.
o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga konsultativ yordam ko‘rsatish, ularga davlat ro‘yxatidan o‘tish, tijorat banklaridan imtiyozli kreditlar olish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va olib borish bilan bog‘liq muammolarni hal etishda ko‘maklashish;
Yosh tadbirkorlar, fermerlar, ishbilarmonlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, respublika bank-moliya, soliq, bojxona va boshqa idoralar vakillari bilan uchrashuvlarni tashkil etish, shuningdek, yosh tadbirkorlarni ilg‘or texnologiyalar bilan tanishtirish, ularni eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish, qishloq joylarida ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida turli ko‘rgazmalar, kichik biznes uchun texnika va jihozlar yarmarkalarini o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
yoshlar bandligi va ishga joylashishini ta’minlash bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish ishlarini davom ettirish;
Shu maqsadda Harakat yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan davlat dasturining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, "Ustoz-shogird” an’anasini keng joriy etishda ishtirok etadi, shuningdek, "Yosh tadbirkor” konsultativ markazlari faoliyatini hamda mamlakatimiz hududlarida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarining o‘tkazilishini faollashtiradi. Shu bilan birga, Harakat o‘z muassisligida joylarda yoshlar uchun kichik va o‘rta biznes tuzilmalarini tashkil etadi.
ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-qsuvvatlash;
Harakat maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni o‘z otalig‘iga olishda davom etadi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, kasb-hunar egallashlari, ishga joylashishlari, o‘zlarini jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida his qilishlariga ko‘maklashadi.

 

IV. Iqtidorli yoshlarning ijodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash sohasida
XXI asr – intellektual mulk hukmronlik qiluvchi asrdir. Yoshlarning intellektual bilim va boyliklarni o‘zlashtirishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash "Kamolot” YoIH faoliyatining ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Harakat mamlakat rahbariyatining iqtidorli yoshlarni yanada rag‘batlantirish, bolalarning musiqa, tasviriy san’at, san’at va madaniyat sohalaridagi ijodiy qobiliyati va iqtidorini erta aniqlash va rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Kelgusi istiqbolda Harakat o‘z faolyatini quyidagi vazifalarni hal etishga qaratadi:
maktabdan tashqari ta’lim muassasalari – "Barkamol avlod” bolalar markazlari bilan hamkorlikni tizimli asosda kengaytirish, maktab o‘quvchilarini ularning intellektual, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan turli to‘garak va birlashmalarga keng jalb etish;
Harakat boshlang‘ich tashkilotlarining umumta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iste’dodli va iqtidorli yigit-qizlarni aniqlash, ro‘yxatga olish va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha ishlarni tizimli amalga oshirish, ularga moddiy va ma’naviy jihatdan ko‘maklashish;
Harakat iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning ijodiy qobiliyatlarini yanada rivojlantirish va intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan festivallar, forumlar, anjumanlar, ko‘rik-tanlovlar, o‘quv seminarlari, konsert dasturlari va boshqa tadbirlarni tashkil etishda davom etadi. Xususan, "Kamolot” YoIH mamlakatimizda an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan "Kelajak ovozi” respublika ko‘rik-tanlovi, "Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivalini tashkil etishda o‘z ishtirokini davom ettiradi hamda kuchaytiradi. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida "Kamolot” stipendiyasi” va "Kamolot” ta’lim granti” tanlovlarini o‘tkazish davom ettiriladi.
iqtidorli yoshlarni ilmiy, ilmiy-texnikaviy faoliyatga jalb qilish, iste’dodli yigit-qizlar tomonidan yaratilgan innovatsion loyihalar, ilmiy va texnikaviy kashfiyotlar, ratsionalizatorlik takliflarini hayotga tatbiq etiga ko‘maklashish;
Yosh olimlar uchun taniqli ilm-fan arboblarini jalb qilgan holda mamlakatimiz va jahon ilm-fani taraqqiyotining zamonaviy tendensiyalaridan xabardor etish, dolzarb, amaliy ahamiyatga ega tadqiqot mavzusini tanlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashishga qaratilgan mahorat darslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, "Kamolot” YoIH mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi, zamonaviy fan va texnikaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan istiqbolli ilmiy tadqiqotlarni olib borayotgan yosh olimlar va mutaxassislarga moliyaviy ko‘mak berishda ishtirok etadi. Ilm-fan va texnika sohalarida izlanishlar olib borayotgan yoshlarning ijodiy faolligini oshirishda ilmiy-tadqiqot institutlari va ta’lim muassasalarida tashkil etilgan yosh olimlar va mutaxassislar kengashlari muhim o‘rin tutishi lozim. Ularni yoshlar o‘rtasida ijtimoiy faollikni oshirish, yosh ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, mamlakatimizning oliy ta’lim muassasalarida o‘qitishning ilg‘or pedagogik texnologiyalari va shakllarini joriy etish jarayonlariga jalb etish alohida ahamiyat kasb etadi.

 

V. Sport va yosh avlodning jismoniy tarbiyasini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish sohasida
Sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir. Prezidentimiz tashabbusi bilan respublikamizning barcha hududlarida barpo etilayotgan sport inshootlari, yoshlar markazlari har tomonlama etuk, barkamol yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda va bunday buyon ham ushbu ezgu maqsadga xizmat qilib keladi. Zamonaviy sport majmualari yoshlarni jismoniy va ma’naviy sog‘lom, hech kimdan kam bo‘lmaydigan shaxslar sifatida tarbiyalash uchun mamlakatimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlar va sharoitlar, ularning ezgu intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilayotgan e’tiborning yorqin tasdig‘i bo‘lmog‘i lozim.
"Hech kim sportdan chetda qolmasligi kerak” shioriga asoslangan holada "Kamolot” YoIH:
ta’lim muassasalarining o‘quvchilari va talabalari, korxona va tashkilotlardagi yosh xodimlar o‘rtasida sport musobaqalarini tashkil etish, ommaviy va milliy sport o‘yinlari, xalq o‘yinlarini rivojlantirishga o‘zining faol hissasini qo‘shishda davom etadi;
Harakat maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida sportning qator turlari (futbol, voleybol, badminton, stol tennisi, kurash, Sharq yakkakurashi, shaxmat, velosport, badiiy gimnastika va boshqalar) bo‘yicha an’anaviy sport musobaqalarini o‘tkazish amaliyotini davom ettiradi.
"Kamolot” YoIH bundan buyon ham yoshlarni sportga ommaviy jalb qilishning uch bosqichli tizimi — "Umid nihollari”, "Barkamol avlod” va "Universiada” musobaqalariga tashkil etish va ularni o‘tkazishda faol ishtirok etadi.
Harakat yoshlar o‘rtasida futbolni targ‘ib qilish va ommalashtirish maqsadida "Paxtakor” futbol klubi bilan hamkorlikni kuchaytiradi, qizlarni badiiy gimnastikaga jalb etish, yoshlar o‘rtasida shaxmat, velosport va badmintonni ommalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratadi.
tegishli davlat idoralari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Harakat yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tashga, Vatanini himoya qilishdek muqaddas burchni ado etishga tayyorlash maqsadida ularni sportning harbiy-amaliy va texnikaviy turlari bilan shug‘ullanishga jalb etadi;
"Kamolot” YoIH "Shunqorlar” va "Yosh chegarachilar” harbiy-sport vatanparvarlik musobaqalarini tashkil etishda davom etadi, shu bilan birga, umumta’lim maktablari hamda o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida "Yosh qutqaruvchilar” klublarini tashkil etishga bosh-qosh bo‘ladi.
o‘smirlar va yoshlar uchun mo‘ljallangan sport to‘garaklari, seksiya va klublarni, jismoniy tarbiya va sog‘lomlashtirish maskanlari, bolalar va o‘smirlar sport maktablarini qo‘llab-quvvatlash, sport maydonchalari, sport zallari va boshqa sog‘lomlashtirish inshootlari tarmog‘ini kengaytirishga ko‘maklashish ishlarini davom ettiradi;
Yoshlarni joylarda, shu jumladan, mahallalar va talabalar turarjoylarida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlariga alohida e’tibor qaratiladi. "Kamolot” YoIH boshlang‘ich tashkilotlari qishloq joylarida sportni ommalashtirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, yoshlarni sport inshootlari, bolalar sport maydonchalarini bunyod etishga keng jalb etishda bevosita ishtirok etishadi.
sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, millat genofondini saqlash va yaxshilash uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan davlat dasturlarini qo‘llab-quvvatlash "Kamolot” YoIHning alohida diqqat-e’tiboridagi masala hisoblanadi;
Shu maqsadda yosh avlod sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy, targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

 

VI. Xalqaro hamkorlik sohasida
Zamonaviy dunyo va vaqt tez o‘zgarib borayotgan bugungi globallashuv sharoitda yoshlarni jahon madaniyati va san’atining eng sara durdonalari bilan tanishtirish, amaliyotda o‘zini oqlagan rivojlangan mamlakatlarning demokratik davlat barpo etish tajribasini, shuningdek, davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi sinalgan usullarini o‘rganish maqsadida "Kamolot” YoIH xalqaro hamda xorijiy yoshlar tashkilotlari va harakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirib boradi.
Shu maqsadda ilm-fan, adabiyot, musiqa, sport, kinematografiya sohalarida xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi. O‘zbekistonlik yosh ijodkorlarining gastrollari va ko‘rgazmalarini tashkil etish Harakat faoliyatidagi muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi.
Dunyoning yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bunday hamkorlik anjumanlar, seminarlar, davra suhbatlari, munozaralar, tanishuv safarlarini tashkil etishni o‘z ichiga qamrab oladi.
O‘zbekistonda yoshlar va bolalar sayyohligini rivojlantirish, mamlakatimiz va xorijdagi tarixiy joylar bo‘ylab tanishuv sayohatlarini uyushtirish uchun yoshlardan tashkil topgan sayyohlik guruhlarini shakllantirish Harakat diqqat markazidagi masala bo‘lib qoladi.
* * *
"Kamolot” o‘z faoliyatida mustaqil fikrlaydigan, O‘zbekistonni o‘zining yagona va betakror Vatani deb hisoblaydigan yoshlarga tayanadi.
Biz Harakatning har bir a’zosi va faolini mazkur Dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yo‘lida jipslashish va o‘z sa’y-harakatlarni birlashtirishga, O‘zbekistonda jamiyat va davlat taraqqiyotining oliy maqsadi – zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar safiga qo‘shilish, xalqimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda jahon himjamiyatida o‘zining munosib o‘rinini egallashi uchun faol ishtirok etishlariga da’vat etamiz.




Ishonch telefoni
+99870 717-17-76
Soat 9:00 dan 18:00 gacha
Elektron qabulxona
E-Xujjat
MOODLE
Elektron jurnal
Bimm.uz
Foydali manbalar