O'ZBEKISTON DAVLAT JISMONIY TARBIYA INSTITUTI

Bosh menyu
Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi
Axborot ta'lim portali


Elektron akademiya


Usport.uz
Utube.uz


Fikr.uz


Tanlov.uz


Kamolot
Pedagogik amaliyot
Elektron kutubxona
KARMAT
Interaktiv xizmatlar
Fan-sport
ModeHEd
Ob-havo
Kalendar
«    Sentabr 2017    »
DuSeChPaJuShYa
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 
O'zDJTI » Ma'lumotlar » Kamolot nizomi

Kamolot nizomi


Sana: 16-12-2013, 20:46       Ko'rishlar soni: 3233

I BOB. UMUMIY QOIDALAR

1.1. O‘zbekiston "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati (keyingi o‘rinlarda – Harakat deb yuritiladi) jismoniy shaxslar tomonidan jamoat birlashmasi tashkiliy-huquqiy shaklida tuzilgan, jismonan sog‘lom, ma’naviy va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni shakllantirish, uni tashqi tahdidlar va "ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siridan muhofaza qilish, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama ko‘maklashish va shart-sharoitlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston yoshlarini birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilotidir.

1.2. Harakat o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, "O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi qonunlari va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda mazkur Ustavga muvofiq yuritadi.

1.3. Harakat o‘z faoliyatini ixtiyoriylik, qonuniylik, oshkoralik, a’zolar (ishtirokchilar)ning teng huquqliligi va o‘zini o‘zi boshqarish tamoyillari asosida amalga oshiradi.

1.4. Harakat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi va uning egaligida, xo‘jalik yuritishida yoki tezkor boshqaruvida ajratilgan mulk mavjud bo‘ladi, o‘z majburiyatlari bo‘yicha ana shu mulk bilan javob beradi, o‘z nomidan mulkka oid yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarni xarid qilishi va amalga oshirishi, majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi, sudda da’vogar yoki javobgar bo‘la olishi, mustaqil balans yoki smetaga egalik qilishi mumkin. Harakat davlat tilida Harakatning to‘liq rasmiy nomi tushirilgan yumaloq muhr, to‘rtburchak muhrlar, blankalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan o‘tgan o‘z ramziga ega.

1.5. Harakat a’zolari Harakat majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, o‘z navbatida Harakat ham o‘z a’zolarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.

1.6. Harakat, qonunchilikka asosan, respublikaning butun hududi bo‘ylab yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, mazkur Ustav va Hududiy tarkibiy tuzilmalari to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra faoliyat yurituvchi hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) va mahalliy (shahar va tuman) Kengashlarini tashkil etish huquqiga ega.

1.7. Harakatning rahbar organi quyidagi manzilda joylashgan: Toshkent shahri,
A.Navoiy ko‘chasi, 11-uy.

1.8. Harakat o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradi.

1.9. Harakatning to‘liq nomi:
davlat tilida – O‘zbekiston "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati;
lotin yozuvida – O'zbekiston "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati;
rus tilida – Общественное движение молодежи «Камолот»;
ingliz tilida – The Civic Movement of Youth of Uzbekistan «Kamolot»;

Harakatning qisqartirilgan nomi:
davlat tilida – "Камолот” ЁИҲ;
lotin yozuvida – "Kamolot” YIH;
rus tilida – OДM «Камолот»;
ingliz tilida – CMY «Kamolot».


II BOB. HARAKATNING MAQSAD VA VAZIFALARI

2.1. Harakatning asosiy maqsadi yoshlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash, O‘zbekiston jahonning rivojlangan mamlakatlari qatoriga kirishi jarayonlariga jalb qilish hamda yosh avlodning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlash, yigit-qizlarning ma’naviy va kasbiy saviyasini yuksaltirish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishdan iborat.

2.2. Harakatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
– barkamol, mustaqil fikrlaydigan, o‘zining hayotiy pozitsiyasi va qat’iy e’tiqodiga ega, jamiyat hayotida munosib o‘rin egallash, mamlakatni isloh qilish va yangilash jarayonlarida hal qiluvchi kuch va tayanch bo‘lishga qodir yoshlarni shakllantirish, yoshlarning siyosiy madaniyati, huquqiy savodxonligi va huquqiy ongini yuksaltirish;
– yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan va harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda tarixiy xotira, milliy g‘urur va o‘zlikni anglash, ro‘y berayotgan voqealarga daxldorlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish;
– yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning zamonaviy kasblarni egallashga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish;
– iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda ilmiy faoliyatga jalb qilish;
– yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, ekologik madaniyatni shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb qilish;
– yoshlarni diniy-ekstremistik va boshqa buzg‘unchi tashkilotlar ta’siridan, chetdan "ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sir va tahdidlardan asrash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni profilaktika qilish hamda oldini olish va boshqalar.

2.3. Yuqorida sanab o‘tilgan vazifalarni ijro etish maqsadida Harakat o‘z faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar Dasturini qabul qilishi mumkin.


III BOB. HARAKATNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

3.1. Harakatning huquqlari quyidagilardan iborat:
– jamiyat hayotining turli masalalari bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga takliflar kiritish;
– davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining yoshlar va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha qarorlarini ishlab chiqishda, qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda ishtirok etish;
– o‘z faoliyatiga doir ma’lumotlarni tarqatish;
– belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish, noshirlik va matbaa faoliyatlari bilan shug‘ulanish;
 ustavda ko‘rsatilgan vazifalarni bajarish maqsadida tadbirkorlik korxonalarini tuzish;
– o‘z ramzini ta’sis etish;
– o‘z faoliyati masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar, majlislar, tadbirlar, anjumanlar, seminarlar va davra suhbatlarini o‘tkazish;
– qonun hujjatlariga binoan respublika hududida o‘zining hududiy bo‘limlarini ochish.
Harakat qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.

3.2. Harakatning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
– qonun hujjatlarida belgilangan talablarga rioya qilish;
– o‘z mol-mulki va pul mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash;
– nodavlat notijorat tashkilotini ro‘yxatga oluvchi organga o‘zi o‘tkazayotgan tadbirlarda qatnashish imkonini berish;
– ro‘yxatga oluvchi, soliq va statistika organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni belgilangan tartibda taqdim etish.
Harakat qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega.


IV BOB. HARAKATGA A’ZOLIK

4.1. Harakatga yakka tartibda va jamoaviy tarzda a’zo bo‘lish mumkin.

4.2. Harakatning va (yoki) uning muayyan tadbirlari maqsadini qo‘llab-quvvatlash istagini bildirgan, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari Harakatning yakka tartibdagi a’zosi bo‘lishi mumkin.

4.3. Yakka tartibdagi a’zo Harakatning rahbar organiga saylangan taqdirda, ushbu Ustavning 4.2-bandida ko‘zda tutilgan yoshga oid cheklov qo‘llanilmaydi.

4.4. Tashkilotga yakka tartibdagi a’zolikka qabul qilish va chiqish Harakat boshlang‘ich tashkilotining Umumiy yig‘ilishi, boshlang‘ich tashkilot Kengashining yig‘ilishi tomonidan amalga oshiriladi. A’zolikka qabul qilinuvchi tegishli mazmundagi arizani taqdim etadi.

4.5. Boshlang‘ich tashkilotning a’zolikka qabul qilish to‘g‘risidagi qarori yakuniy hisoblanadi va uning Harakatning yuqori organlari tomonidan tasdiqlanishi talab qilinmaydi.

4.6. Harakatning faoliyatida jamoaviy a’zolar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning mehnat jamoalari, ustav maqsadlari, vazifalari va dasturiy hujjatlari Harakatning ustav maqsadlari, vazifalari va dasturiy hujjatlariga zid bo‘lmagan fuqarolar birlashmalari ishtirok etishi mumkin.

4.7. Jamoaviy a’zolar Harakat a’zoligiga Harakatning mahalliy, hududiy Kengashlari tomonidan barcha ishtirokchilar tomonidan imzolangan Umumiy yig‘ilish qarori asosida qabul qilinadi.

4.8. Harakatga yakka tartibdagi a’zolik quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
– Harakat a’zosi arizasiga ko‘ra;
– Harakat a’zoligi yoshi to‘lgach (Harakatning saylanadigan organlariga saylangan shaxslar bundan istisno);
– Harakat a’zosi tomonidan ushbu Ustavga va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilganda;
– Harakatning faoliyati tugatilganda.

4.9. Harakat safidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror boshlang‘ich tashkilotning umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi.

4.10. Harakatning jamoaviy a’zoligi o‘z tashkiloti rahbar organining qarorini Harakatning mahalliy, hududiy Kengashiga topshirish orqali tugallanishi mumkin.

4.11. Harakat a’zolari quyidagi huquqlarga ega:
– umumiy yig‘ilishlar, konferensiyalar, Qurultoy, Harakatning saylanadigan organlari yig‘ilishlari va Harakatning bosma davriy nashrlarida masalalarni muhokama qilish chog‘ida o‘z fikrini erkin ifoda etish;
– shaxsan yoki o‘z vakili orqali Harakatning saylanadigan organlari qarorlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
– Harakatning saylanadigan rahbar organlari va nazorat-taftish organlariga saylash va saylanish;
– Harakat organlari faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar olish, o‘zlariga taalluqli bo‘lgan masalalarni muhokama qilishda Harakat organlari faoliyatida ishtirok etish va shaxsiy fikrini bildirish;
– Harakat faoliyatida Ustav va Dastur doirasida ishtirok etish, Harakatning har qanday rahbar organiga ariza va takliflar bilan murojaat etish.

4.12. Harakat a’zolarining asosiy majburiyatlari quyidagilardan iborat:
– Harakatning ustav maqsadlarini amalga oshirishda qatnashish;
– yoshlar o‘rtasida va umuman, jamiyatda Harakatning ta’siri va nufuzini oshirish;
– Harakat organlari, boshlang‘ich tashkilotlarning umumiy yig‘ilishlari qarorlarini bajarish;
–Harakatning boshlang‘ich tashkiloti faoliyatida faol qatnashish.


V BOB. HARAKATNING TARKIBI, RAHBAR ORGANLARI VA ULARNING VAKOLATLARI

5.1. Harakatning tashkiliy tarkibiga quyidagilar kiradi:
– Markaziy Kengash apparati, shu jumladan, Harakat faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘limlari;
– Harakatning hududiy tuzilmalari;
– Harakatning mahalliy tuzilmalari;
– Harakatning korxonalar, tashkilotlar va muassasalardagi boshlang‘ich tashkilotlari;
– "Kamalak” bolalar tashkiloti va uning tarkibiy bo‘limlari;
– ommaviy axborot vositalari.

5.2. Harakat belgilangan tartibda o‘zining davriy nashrlari, noshirlik-matbaa korxonalari, kadrlar malakasini oshirish markazlari, tadbirkorlik tuzilmalarini hamda o‘zining ta’sis hujjatlari asosida faoliyat yuritadigan boshqa muassasalarni tashkil etishi mumkin.

5.3. Harakatning boshqaruv organlariga quyidagilar kiradi:
– Qurultoy;
– Markaziy Kengash;
– Markaziy nazorat-taftish komissiyasi.

5.4. Qurultoy Harakatning oliy boshqaruv organi hisoblanadi va besh yilda bir marta chaqiriladi (hisobot-saylov majlisi). Qurultoyni chaqirish to‘g‘risidagi qaror Markaziy Kengash tomonidan qabul qilinadi. Qurultoyni chaqirish to‘g‘risidagi qaror Markaziy Kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi uni yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilingan deb hisoblanadi. Uni chaqirish to‘g‘risidagi qaror va kun tartibi Qurultoydan kamida bir oy oldin e’lon qilinadi.

5.4.1. Qurultoyning navbatdan tashqari majlisi Markaziy Kengashning qarori, shuningdek, Markaziy nazorat-taftish komissiyasi tomonidan yoki umumiy a’zolar sonining kamida o‘n foizi talabiga ko‘ra chaqirilishi mumkin.

5.4.2. Qurultoy Harakat faoliyatiga daxldor bo‘lgan barcha masalalarni ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha tegishli qarorlarni qabul qilish huquqiga ega.

5.4.3. Qurultoyning mutlaq vakolatiga quyidagilar kiradi:
– Harakatning Ustavi va Dasturini tasdiqlash, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish;
– Harakatni qayta tashkil etish va faoliyatini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
– Markaziy Kengash va Markaziy nazorat-taftish komissiyasi hisobotlarini tinglash, ular bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
– Markaziy Kengash va Markaziy nazorat-taftish komissiyasi tarkibini saylash;
– Markaziy Kengash raisi, uning o‘rinbosarlari va Markaziy nazorat-taftish komissiyasi raisini 5 yil muddatga saylash.

5.4.4. Ustavga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, Harakatni qayta tashkil etish va faoliyatini tugatish bo‘yicha qarorlar ular uchun Qurultoy delegatlarining uchdan ikki qismi ovoz berganda qabul qilingan deb hisoblanadi. Boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar ular uchun Qurultoy delegatlarining ko‘pchiligi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan deb hisoblanadi.

5.4.5. Qurultoy uning ishida saylangan delegatlarning uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda qaror qabul qilishga vakolatli deb hisoblanadi.

5.4.6. Qurultoy delegatlari hududiy Kengashlarda bo‘lib o‘tadigan konferensiyalarda saylanadi. Qurultoyga saylanadigan delegatlarning vakillik me’yori, saylash tartibi, Qurultoy kun tartibi va uning o‘tkazilish sanasi Markaziy Kengash tomonidan belgilanadi.

5.5. Markaziy Kengash Qurultoylar oralig‘ida Harakatning boshqaruv organi hisoblanadi va oltmish bir kishidan kam bo‘lmagan tarkibda 5 yil muddatga saylanadi.

5.5.1. Markaziy Kengash tarkibiga egallab turgan lavozimlariga muvofiq hududiy Kengashlarning raislari, yakka tartibdagi a’zolar, shuningdek, Harakat jamoaviy a’zolari va bo‘limlari vakillari kiradi.
Markaziy Kengash tarkibi turli sohalarda, jumladan, ta’lim, fan, madaniyat va san’at, ommaviy axborot vositalari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik va fermerlik, sport, sog‘liqni saqlash va ekologiya sohalarida, Qurolli kuchlar va huquq-tartibot organlarida, jamoat va boshqa turli tashkilotlarda band bo‘lgan yoshlarni o‘z ichiga qamrab oluvchi yoshlarning turli toifalari hisobidan shakllantirilishi lozim.
Markaziy Kengash tarkibiga har bir hududdan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) yoshlarning kamida ikki nafar vakili kiritilishi lozim.

5.5.2. Markaziy Kengash:
– Qurultoy qarorlarining bajarilishi, dasturiy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishi, Harakat ustavidagi talablarning ijrosini nazorat qiladi;
– yuridik shaxslarning huquq va majburiyatlarini amalga oshirish uchun tashkilot nomidan faoliyat yuritadi;
– Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasi tarkibini saylaydi va uning a’zolari vakolatlarini muddatidan avval tugatadi;
– Markaziy Kengash raisi, uning o‘rinbosarlarining yarim yillik va yil yakunlariga doir hisobotlarini tinglaydi, ular o‘rtasida ishlar yo‘nalishlarini taqsimlaydi, vakolatini muddatidan oldin tugatadi;
– Harakat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalarni va ishchi guruhlarni tuzadi, vaqti-vaqti bilan ularning hisobotlarini tinglaydi, yakunlarga tayangan holda tegishli qarorlarni qabul qiladi;
– Markaziy Kengashning yillik ish rejasini tasdiqlaydi va uning bajarilishi haqidagi hisobotni tinglaydi, yakunlarga tayangan holda tegishli qarorlarni qabul qiladi;
– Markaziy Kengashning byudjetini tasdiqlaydi va uning bajarilishi haqidagi hisobotni tinglaydi, yakunlarga tayangan holda tegishli qarorlarni qabul qiladi;
– Markaziy Kengash, hududiy hamda mahalliy Kengashlar, Harakat tomonidan tashkil qilingan tadbirkorlik tuzilmalari, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan boshlang‘ich tashkilotlarning tashkiliy tuzilmasini va shtat birliklarini tasdiqlaydi, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va mukofotlash tartibini, shaklini va miqdorini belgilaydi;
– Harakatning ichki normativ hujjatlarini tasdiqlaydi;
– Markaziy Kengash vakolatiga kiruvchi ba’zi vazifalarni Ijroiya qo‘mitasi ixtiyoriga havola etish haqida qarorlar qabul qiladi;
– Qurultoylar oralig‘i o‘rtasida Markaziy Kengashning amaldagi raisi yoki uning o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatilgan vakolat va majburiyatlarni bajara olmagan taqdirda, Markaziy Kengash raisi va uning o‘rinbosarlarini saylaydi;
– Qurultoy topshirig‘iga binoan boshqa masalalarni hal qiladi.

5.5.3. Markaziy Kengash yig‘ilishi kamida har olti oyda bir marta chaqiriladi va a’zolarning uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda qarorlar qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi. A’zolarning ko‘pchiligi ovoz bergan taqdirda Markaziy Kengashning qarorlari qabul qilingan deb hisoblanadi.

5.6. Majlislar oralig‘i o‘rtasida Harakat faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan shoshilinch qarorlar qabul qilish zarurati tug‘ilganda Markaziy Kengash o‘z a’zolari tarkibidan o‘n besh kishidan iborat bo‘lgan Ijroiya qo‘mitasini 5 yil muddatga saylaydi. Ijroiya qo‘mitasining tarkibiga egallab turgan lavozimiga ko‘ra Markaziy Kengash raisi va uning o‘rinbosarlari kiradi.

5.6.1. Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasi a’zolarining tarkibi Markaziy Kengash qarori bilan belgilanadi.

5.6.2. Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasi:
– Harakatning hududiy va boshqa tashkiliy bo‘limlari, tadbirkorlik tuzilmalari, ommaviy axborot vositalariga bevosita rahbarlik qiladi va ular faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
– tashkiliy masalalar yuzasidan tezkor qarorlar qabul qilinishini ta’minlaydi, joriy ish rejasini tuzadi, rejalar va qarorlar ijrosi o‘rganilishini tashkillashtiradi, ijrochilar hisobotlarini tinglaydi, yakunlarga tayangan holda tegishli qarorlarni qabul qiladi;
– Harakatning faoliyat Dasturida belgilab qo‘yilgan turli yo‘nalishdagi ishlar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
– xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, delegatsiyalarni jo‘natish va qabul qilish yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
– Markaziy Kengash yig‘ilishlarini chaqiradi, kun tartibini, ishtirokchilar ro‘yxatini belgilaydi;
– Harakatning hududiy Kengashlari byudjetlari loyihalarini ko‘rib chiqadi va ularni tasdiqlash uchun tavsiya qiladi, ularning ijrosi haqidagi hisobotlarni tinglaydi, yakunlarga tayangan holda tegishli qarorlarni qabul qiladi;
– Harakatning saylanadigan rahbarlik organlari shtatidagi apparat xodimlarini intizomiy javobgarlikka tortadi;
– ichki mehnat tartib-qoidalarini, xodimlarning lavozim yo‘riqnomalarini tasdiqlaydi;
– Harakatning ichki faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni tasdiqlaydi;
– Harakat mulkini, mablag‘larini taqsimlash va tasarruf qilish hamda grant, tender va boshqa tanlovlarni o‘tkazish, shuningdek, quyi tashkilotlar faoliyatini tekshirish yuzasidan qaror qabul qiladi;
– Harakatning hududiy va mahalliy Kengashlari rahbar organlari Ijroiya qo‘mitasining qonun hujjatlari va Ustavga zid bo‘lgan qarorlarini bekor qiladi;
– Ustav maqsadi va vazifalariga erishish uchun tadbirkorlik tuzilmalarini ta’sis etadi, ularning faoliyatini nazorat qiladi va rahbarlari tayyorlagan hisobotlarni tinglaydi, yakunlarga tayangan holda tegishli qarorlar qabul qiladi;
– Markaziy Kengash apparatining Ishlar boshqaruvchisi, bosh hisobchi, bo‘lim mudirlarini, Markaziy Kengash tadbirkorlik tuzilmalari, ommaviy axborot vositalari rahbarlari va bosh hisobchilarini lavozimiga tasdiqlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
– yuqori organlarning qarorlariga oid boshqa masalalarni hal etadi.

5.6.3. Markaziy Kengash raisi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishlarini chaqiradi va ushbu yig‘ilishlarga raislik qiladi. Markaziy Kengash raisi o‘z majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda, Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasining qaroriga binoan uning vazifasini o‘rinbosarlaridan biri bajarib turadi.

5.6.4. Mazkur Ustavda belgilab qo‘yilgan Markaziy Kengash va uning Ijroiya qo‘mitasining to‘liq vakolatiga kiruvchi vakolatlarni istisno qilganda, Markaziy Kengash raisi o‘z faoliyati doirasidagi barcha masalalarni shaxsan hal qiladi.

5.6.5. Markaziy Kengash raisining vazifalari hamda vakolati doirasiga quyidagilar kiradi:
– Harakat Ustavi va Dasturi doirasidagi umumiy faoliyatni muvofiqlashtiradi;
– Harakat va Markaziy Kengash nomidan ishonchnomasiz ish ko‘radi, barcha yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, xorijiy tashkilotlar oldida Harakat manfaatlarini ifodalaydi;
– Markaziy Kengash, uning Ijroiya qo‘mitasi, Markaziy Kengash raisi o‘rinbosarlari va apparatining faoliyatiga rahbarlik qiladi, apparat xodimlarini ishga qabul qiladi va egallab turgan lavozimidan ozod qiladi;
– mulkka operativ boshqaruv huquqlarini amalga oshiradi, shartnomalar tuzadi, shu jumladan, mehnat shartnomalarini tuzadi, ishonchnomalarni beradi, banklarda hisob raqamlari va boshqa hisoblarni ochadi, bank, moliya va boshqa hujjatlarga birinchi imzo huquqidan foydalanadi, barcha xodimlar uchun majburiy bo‘lgan farmoyish beruvchi hujjatlarni chiqaradi.

5.6.6. Markaziy Kengash raisi Harakatning rahbar organlari qaroriga ko‘ra boshqa vakolatlarni ham bajarishi mumkin. Bundan tashqari, Markaziy Kengash raisi funksiyalari Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan belgilangan tartibda uning o‘rinbosarlariga berilishi mumkin.

5.7. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi Harakatning markaziy nazorat qiluvchi organi hisoblanadi.

5.7.1. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi Qurultoy tomonidan 5 yil muddatga kamida o‘n bir kishidan iborat tarkibda saylanadi va unga hisobot beradi. Mahalliy (hududiy) Kengashlarning nazorat-taftish komissiyalari kamida besh kishidan iborat tarkibda saylanadi.
Bunda Harakatning Markaziy nazorat-taftish komissiyasi ham Markaziy Kengashni, ham hududiy Kengashlarni, tadbirkorlik tuzilmalarini, ommaviy axborot vositalarini, "Kamalak” bolalar tashkilotini nazorat va taftish qilish huquqiga ega. Tekshirishlar natijalariga ko‘ra, u o‘tkazilgan tekshiruv haqida hisobot tuzadi va ko‘rib chiqish hamda tegishli qaror qabul qilish uchun Markaziy Kengashga taqdim etadi.

5.7.2. Harakat Markaziy nazorat-taftish komissiyasi vakolatlari va vazifalari doirasiga quyidagilar kiradi:
– har yili byudjet ijrosini, Harakat va uning tuzilmalarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish;
– makzur Ustav qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish;
– Harakat faoliyatining moliyaviy, tadbirkorlik va boshqa sohalarida qonun hujjatlari buzilish holatlarini ogohlantirish;
– ushbu Ustavga yoki Harakat Qurultoyi qarorlariga mos bo‘lmagan hollarda Harakatning Markaziy Kengashi, quyi saylanadigan organlari va nazorat-taftish komissiyalarining qarorlarini to‘xtatish haqida tavsiyalar berish;
– Harakat a’zolari murojaatlarini ko‘rib chiqish;
– Harakatning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish;
– Qurultoy qarorlariga binoan boshqa vakolatlarni bajarish.
Moliyaviy-xo‘jalik faoliyati tekshirilganda barcha mansabdor shaxslar va shtatdagi xodimlar Markaziy nazorat-taftish komissiyasi talabiga binoan unga zarur hujjatlarni taqdim etishi kerak.

5.7.3. Nazorat-taftish komissiyalari a’zolari Harakatning tegishli saylanadigan rahbar organi a’zosi bo‘la olmaydilar. Harakatning tegishli saylanadigan rahbar organlari a’zolari ayni paytda Markaziy nazorat-taftish komissiyasi a’zosi bo‘la olmaydilar.

5.7.4. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi a’zolari Harakat rahbar organlarining barcha darajadagi yig‘ilishlarida maslahat ovozi bilan ishtirok etish huquqiga ega.

5.7.5. Markaziy nazorat-taftish komissiyasining yig‘ilishi olti oyda kamida bir marta o‘tkaziladi va a’zolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda qaror qabul qilishga vakolatli hisoblanadi.

5.7.6. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi mazkur Ustav va Qurultoy qarorlaridan kelib chiquvchi boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.


VI BOB. HARAKATNING HUDUDIY TARKIBIY TUZILMALARI

6.1. Harakat hududiy tarkibiy tuzilmalarining tashkiliy tuzilishi quyidagilardan iborat:
- boshlang‘ich tashkilotlar;
- mahalliy Kengashlar;
- hududiy Kengashlar;
- "Kamalak” bolalar tashkilotining tarkibiy bo‘limlari;
- tadbirkorlik tuzilmalari;
- ommaviy axborot vositalari.

6.2. Harakatning boshlang‘ich tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy bo‘linishini hisobga olgan holda Harakatning tuman va shahar Kengashlariga birlashadi.

6.2.1. Harakatning yakka tartibdagi a’zolari ish, o‘qish va xizmat joylarida tuzilishi mumkin bo‘lgan Harakatning boshlang‘ich tashkilotlariga birlashadilar.

6.2.2. Harakatning boshlang‘ich tashkilotlari kamida besh nafar Harakat a’zosi mavjud bo‘lganda ularning yig‘ilishi qarori bilan tuzilishi mumkin.

6.2.3. Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan Harakatning boshlang‘ich tashkilotlariga yuridik shaxs huquqlari berilishi mumkin. Mazkur masalani ko‘rib chiqishda birinchi navbatda uning moliyaviy imkoniyatlari hisobga olinadi.

6.2.4. Harakatning yakka tartibdagi a’zolari, shuningdek, Harakatga a’zolik yoshidagi yoshlar o‘zlarining ijtimoiy qiziqishlari bo‘yicha, yoshlar toifalari bo‘yicha, turli ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish maqsadida boshlang‘ich tashkilot maqomiga ega bo‘lmagan, turli klublar va markazlarda birlashishlari mumkin.

6.2.5. Harakat boshlang‘ich tashkilotining rahbar organi uning a’zolarining Umumiy yig‘ilishidir. Umumiy yig‘ilish bir yilda kamida ikki marta, hisobot-saylov Umumiy yig‘ilishi bir yilda bir marta o‘tkaziladi. Umumiy yig‘ilish tashkilot faoliyatiga tegishli barcha masalalarni ko‘rib chiqishga haqli.

6.2.6. Hisobot-saylov Umumiy yig‘ilishi vakolatlari quyidagilardan iborat:
– boshlang‘ich tashkilot rahbari hisobotini eshitadi va faoliyatini baholaydi;
– tashkilotning kelgusi yildagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;
– boshlang‘ich tashkilot rahbarini, Kengash tarkibini saylaydi;
– vakolat doirasiga kiruvchi boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi.

6.2.7. Yuz nafardan ortiq a’zosi mavjud bo‘lgan holda boshlang‘ich tashkilot Kengashi kamida etti kishidan iborat tarkibda saylanadi. Kengash majlislari ikki oyda kamida bir marta o‘tkaziladi. Bunday tashkilotlarda boshlang‘ich tashkilot raisi Kengash tarkibida 6 oydan kam bo‘lmagan muddat davomida faoliyat ko‘rsatgan Kengash a’zolari orasidan saylanadi (boshlang‘ich tashkilot tuzilganiga 6 oy bo‘lmagan tashkilotlarda – tashkilot tuzilganidan buyon).

6.2.8. Boshlang‘ich tashkilot Kengashi vakolatlari va vazifalari doirasiga quyidagilar kiradi:
– ish rejasini belgilash, mas’ul shaxslar hisobotlarini tinglash;
– Kengash a’zolari o‘rtasida majburiyatlarni taqsimlash;
– a’zolarning huquqiy va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir masalalarni ko‘rib chiqish;
– ta’lim muassasalari, tashkilotlar va korxonalardagi sharoitlarni yaxshilashga (o‘qish, yashash, ishlash, dam olish uchun va h.k.) ko‘maklashish;
– boshlang‘ich tashkilot tarkibidagi yoshlar guruhlari orasida tanlovlar, musobaqalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish;
– ta’lim muassasasi (tashkilot, korxona) joylashgan hududda istiqomat qilayotgan qariyalarni otaliqqa olish, urush va mehnat faxriylari ishtirokida turli tarbiyaviy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish;
– ta’lim muassasasi (korxona, tashkilot) joylashgan hududdagi profilaktik hisobda turgan voyaga etmaganlarga vasiylik qilish davlat organlariga ko‘maklashish, ularni tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlariga jalb etish;
– ta’lim muassasasi (tashkilot, korxona) hududini obodonlashtirish tadbirlarida qatnashish.

6.2.9. Boshlang‘ich tashkilot rahbari tashkilotning butun faoliyatiga rahbarlik qiladi, tashkilot a’zolari Umumiy yig‘ilishini chaqiradi va unga rahbarlik qiladi, boshlang‘ich tashkilot Kengashini ifodalaydi, ta’lim muassasasi (tashkilot, korxona) ma’muriyati, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, kasaba uyushmasi tashkilotlari, davlat organlari, jamoat birlashmalari va fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlarda boshlang‘ich tashkilot nomidan ish yuritadi.

6.2.10. Yuridik shaxs maqomiga ega boshlang‘ich tashkilotning rahbari quyidagi huquqlarga ega:
– boshlang‘ich tashkilot nomidan ishonchnomasiz harakat qilish;
– boshlang‘ich tashkilotning mol-mulkini vakolati doirasida boshqarish;
– har qanday shartnomalar, shu jumladan, xo‘jalik shartnomalari va mehnat shartnomalarini tuzish;
– ishonchnomalar berish;
– banklarda hisob raqamlari yoki boshqa raqamlar ochish, barcha bank, moliyaviy va boshqa hujjatlarga birinchi imzo huquqidan foydalanish;
– boshlang‘ich tashkilot shtatidagi barcha xodimlar uchun majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish, farmoyishlar qabul qilish;
– vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va mazkur Ustavga zid bo‘lmagan harakatlarni amalga oshirish.

6.3. Mahalliy va hududiy Kengashlar O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy bo‘linishiga muvofiq tuziladi.

6.3.1. Harakatning mahalliy va hududiy Kengashlari Harakatning yuqori turuvchi organlari vakolati doirasiga kiruvchi masalalardan tashqari barcha masalalarni hal etishda mustaqildirlar.

6.3.2. Harakat mahalliy va (yoki) hududiy Kengashining oliy rahbar organi ikki yarim yilda kamida bir marta o‘tkaziladigan Konferensiya hisoblanadi. Konferensiya Harakatning mahalliy va (yoki) hududiy Kengashi tomonidan chaqiriladi. Harakatning hududiy Kengashlaridan Konferensiyalarga saylanadigan delegatlarning vakillik normasi, saylash tartibi va muddatlari Harakatning tegishli Kengashlari tomonidan belgilanadi.

6.3.3. Hududiy miqyosda boshlang‘ich tashkilotlar rahbarlari Kengashi tuzilishi mumkin. Boshlang‘ich tashkilotlar rahbarlari Kengashi o‘z faoliyatini Markaziy Kengash tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida olib boradi.

6.3.4. Harakatning mahalliy (tuman va shahar) Kengashlari Harakatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida birlashadilar.

6.3.5. Mahalliy va (yoki) hududiy Kengash Konferensiyasi:
– Kengashning hisobot davri uchun hisobotini tinglaydi va tasdiqlaydi;
– Kengashning kelajakdagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;
– Nazorat-taftish komissiyasining hisobotini tinglaydi va tasdiqlaydi;
– Kengashning kamida yigirma bir nafar kishidan iborat va nazorat-taftish komissiyasining kamida besh kishidan iborat tarkiblarini 2,5 yil muddatga saylaydi;
– Kengash raisi va uning o‘rinbosarlarini 2,5 yil muddatga saylaydi;
– vakolati doirasiga kiradigan boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi.

6.3.6. Harakatning hududiy Kengashiga Konferensiyalar oralig‘idagi davrga saylanadigan Kengash rahbarlik qiladi. Kengashning yig‘ilishlari olti oyda kamida bir marta o‘tkazilib, Kengashning tegishli Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan chaqiriladi.

6.3.7. Harakatning mahalliy yoki hududiy Kengashlarining vakolatlari va vazifalari quyidagilardan iborat:
– yuqori turuvchi organlar tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan qarorlar qabul qilish;
– Kengash faoliyatini muvofiqlashtirish va ishini tashkil etish maqsadida o‘z a’zolari tarkibidan komissiyalar va ishchi guruhlar tuzish, o‘z a’zolari o‘rtasida faoliyat yo‘nalishlarini taqsimlash, ularning ijrosi bo‘yicha hisobotlar eshitish hamda yakunlari yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilish;
– mahalliy va hududiy Kengashlar nomidan yuridik shaxs huquqlarini amalga oshirish;
– Kengash Ijroiya Qo‘mitasi a’zolarini saylash va ular o‘rtasida ish yo‘nalishlarini taqsimlash (Ijroiya Qo‘mita tarkibiga Harakatning tegishli Kengashi raisi va uning o‘rinbosarlari kiradi);
– Markaziy Kengash bilan kelishgan holda Kengash apparati bo‘limlari mudirlarini, Harakat qaramog‘idagi tashkilotlar (korxonalar, muassasalar) rahbarlarini lavozimiga tasdiqlash va lavozimidan ozod qilish;
– Kengashning yillik ish rejasini va uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash, tegishli qarorlarni qabul qilish;
– Kengash byudjetini va uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash, tegishli qarorlarni qabul qilish;
– Harakatga jamoa tarzida a’zolarni qabul qilish va a’zolikdan chiqarish;
– yuqori turuvchi organlar qaroriga muvofiq vakolati doirasiga kiritilgan boshqa masalalarni hal qilish.

6.3.8. Harakatning mahalliy yoki hududiy Kengashi va uning Ijroiya Qo‘mitasi ishiga tegishli hudud Konferensiyasida saylanadigan va o‘z vazifasidan ozod etiladigan tegishli Kengash raisi rahbarlik qiladi.

6.4. "Kamalak” bolalar tashkiloti tarkibiy bo‘limlarining, "Kamolot” YoIHning mahalliy va hududiy Kengashlari tomonidan ta’sis etilgan tadbirkorlik tuzilmalari va ommaviy axborot vositalarining faoliyati qonunchilikka muvofiq tasdiqlangan va ro‘yxatga olingan tegishli nizom va qoidalar bilan tartibga solinadi.


VII BOB. "KAMALAK” RESPUBLIKA BOLALAR TASHKILOTI

7.1. O‘n yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarni milliy g‘oyaga sodiqlik, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, o‘sib kelayotgan yosh avlod huquq va manfaatlarini himoya qilish, qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida Harakat qoshida "Kamalak” bolalar tashkiloti faoliyat yuritadi.

7.1.1 "Kamalak” bolalar tashkilotining Ustavi, byudjeti, tuzilmasi va yillik ish rejalari "Kamolot” YoIH Markaziy Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

7.1.2 Respublika "Kamalak” bolalar tashkiloti rahbari "Kamolot” YoIH Markaziy Kengashi qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda maqomiga ko‘ra Markaziy Kengash raisi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

7.1.3. "Kamalak” bolalar tashkiloti faoliyati "Kamolot” YoIH mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

7.1.4. Respublika "Kamalak” bolalar tashkiloti rahbari olti oyda kamida bir marta "Kamolot” YoIH Markaziy Kengashiga hisobot beradi.


VIII BOB. HARAKATNING MULKI VA PUL MABLAG‘LARI, ULARNI SHAKLLANTIRISH TARTIBI

8.1. Harakat o‘z tasarrufida binolar, inshootlar, uy-joylar, uskunalar, anjomlar, milliy va xorijiy valyutadagi pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar, intellektual mulk va mualliflik huquqlari ob’yektlari, tashkilot (korxona, muassasa)larga va ushbu Ustavda ko‘zda tutilgan faoliyatni moddiy ta’minlash uchun zarur bo‘lgan va o‘z mablag‘lari hisobidan barpo etiladigan boshqa mol-mulkka ega bo‘lishi mumkin.

8.2. Harakat mulkini shakllantirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:
– jismoniy va yuridik, shu jumladan, xorijiy shaxslarning ixtiyoriy mulkiy badallari va ehsonlari;
– tadbirkorlik faoliyatidan olingan va faqat Ustav maqsadlarini bajarish uchun sarflanadigan daromadlar (foyda);
– grant, subsidiya, ijtimoiy buyurtma ko‘rinishidagi davlat organlari, jamoat tashkilotlari, shu jumladan, xorijiy va xalqaro tashkilotlar tomonidan yoshlarga oid dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun maqsadli kelib tushadigan mablag‘lar;
– Harakatning bosma nashrlaridan tushadigan mablag‘lar;
– qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

8.3. Harakatning va u tuzgan tuzilmalarning tadbirkorlik hamda boshqa faoliyatidan olingan daromadlar faqat Ustavda belgilangan faoliyatga sarflanadi va Harakat a’zolari, ishtirokchilari va xodimlari o‘rtasida taqsimlanmaydi.

8.4. Harakat mablag‘lari faqat "Kamolot” YoIH Markaziy Kengashi, mahalliy va hududiy Kengashlari hamda Harakatning boshlang‘ich tashkilotlari, qaramog‘idagi tashkilot (korxona, muassasa)larning, ichki me’yoriy hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlangan byudjetlarida nazarda tutilgan maqsadlargagina sarflanadi.

8.5. Harakatning mulki bo‘linmasdir. Harakat nomidan mulkka egalik qilish huquqini Markaziy Kengash o‘zining Ijroiya Qo‘mitasi orqali amalga oshiradi. Harakatning mahalliy va hududiy Kengashlari, yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan boshlang‘ich tashkilotlari, qaramog‘idagi tashkilot (korxona, muassasa)lar Harakatning mol-mulkini o‘z tasarrufidan Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasining tegishli qarorisiz mustaqil ravishda chiqarishga haqli emas.

8.6. Harakatning mahalliy va hududiy Kengashlari o‘zlariga Markaziy Kengash tomonidan biriktirib qo‘yilgan mulkni operativ boshqarish huquqini amalga oshiradi.

8.7. Harakatning jamoa tarzidagi a’zolari o‘zlariga tegishli mulkni hamda pul mablag‘larini mustaqil tasarruf etadilar.


IX BOB. HARAKAT USTAVIGA O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH TARTIBI

9.1. Harakat Ustaviga faqatgina Qurultoy qarori asosida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

9.2. O‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandan so‘ng, Harakatning ta’sis hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga belgilangan tartibda ro‘yxatga olish uchun taqdim etish lozim.


X BOB. HARAKATDA HISOB VA HISOBOT

10.1. Harakatning mahalliy Kengashlari belgilangan shaklda har oyda keyingi oyning 10-sanasiga qadar hududiy Kengashlariga moliyaviy hisob va tasdiqlangan ish rejaning bajarilishi yuzasidan hisobot berib boradilar.

10.2. Harakatning hududiy Kengashlari belgilangan tartibda Markaziy Kengashga har chorakda keyingi chorak birinchi oyining 15-sanasiga qadar moliyaviy hisobot va tasdiqlangan ish rejaning bajarilishi yuzasidan hisobot berib boradilar.

10.3. Harakat o‘z faoliyati natijalarini hisobga olib boradi va ularni belilangan tartibda ro‘yxatga oluvchi, soliq va statistika organlariga taqdim etadi.

10.4. Harakatning moliya-xo‘jalik faoliyati auditorlik tekshiruvlaridan ozod etiladi. Zarur bo‘lganda, "Kamolot” YOIH Markaziy Kengashi tomonidan Harakatning barcha bo‘limlari moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini auditor tekshiruvidan o‘tkazish uchun tashqi auditor jalb qilinishi mumkin.


XI BOB. HARAKATNI QAYTA TASHKIL ETISH VA TUGATISH TARTIBI

11.1. Harakatni qayta tashkil etish faqat Qurultoy qaroriga muvofiq qo‘shilish, birlashish, bo‘linish, ajralib chiqish va tub isloh qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

11.2. Harakatning tugatilishi Qurultoy yoki sudning qaroriga binoan amalga oshiriladi.

11.3. Harakatning tugatilishi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

11.4. Harakat tugatilgan taqdirda shaxsiy tarkibga oid hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining arxiv muassasalariga saqlash uchun topshiriladi.




Ishonch telefoni
+99871 268-93-61
Soat 9:00 dan 18:00 gacha
Elektron qabulxona
MOODLE
Elektron jurnal
Bimm.uz
Foydali manbalar